- Posted on
- admin
- No Comments





Maktabgacha yoshdagi bolalarda ta’lim-tarbiya jarayonining dolzarb masalalari muhokama qilindi
Ma’lumki, yosh avlod tarbiyasi hamma zamonlarda ham muhim va dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib kelgan. Ammo biz yashayotgan XXI asrda bu masala haqiqatdan ham hayot-mamot masalasiga aylanib bormoqda. “Tarbiya qancha mukammal bo‘lsa, xalq shuncha baxtli yashaydi”, deydi donishmandlar. Tarbiya mukammal bo‘lishi uchun esa bu masalada bo‘shliq paydo bo‘lishiga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Sh.M.Mirziyoyev
Bugungi kunda yurtimizda yoshlar tarbiyasi, ularning bilim olishi va malakali kadr bo‘lib yetishishlariga katta e’tibor qaratilmoqda va buning amaldagi isbotini biz barcha ta’lim bosqichari, jumladan, Maktabgacha ta’lim vazirligi va uning qoshidagi tashkilotlar faoliyatida ko‘rishimiz mumkin. Maktabgacha ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar berilishi lozim bo‘lgan ta’limning muqobil shakllari, davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining bugungi moddiy-texnik bazasi va uni yanada boyitish kabi bir qator masalalar joriy yil 10 iyun sanasida MTT direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida bo‘lib o‘tgan “Maktabgacha yoshdagi bolalarda ta’lim-tarbiya jarayonining dolzarb masalalari” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy onlayn konfrensiyasida ko‘rib chiqildi.
Konfrensiyani Malaka oshirish instituti rektori K.A. Eshpo‘latov ochib berdi. Shundan so‘ng dasturga kiritilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturi asosida rivojlantiruvchi markazlarda ta’limiy faoliyatni tashkil etish, MTT pedagoglari malakasini oshirishning andragogik va metodik asoslari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari va oila hamkorligini rivojlantirish kabi masalalar o‘rtaga tashlandi.
Tadbirda MTTDMQTMOI professori, pedagogika fanlari doktori Qahramon Olimov va Fotima Qodirova, MTV boshqarma boshlig‘i Shuhrat Kamolov, MTTDMQTMOI professori, geografiya fanlari doktori Asqar Nigmatov va boshqalar turli mavzu va masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirib o‘tdi. Konfrensiya so‘ngida ishtirokchilar sertifikat bilan taqdirlandi.